Yangiliklar

Toshkentliklarning 76 foizi tirbandliksiz shahar istamoqda — so‘rovnoma

Ikkinchi o‘rinda ekologiya masalalari turibdi
Foto: ICT week

ICT Week Uzbekistan ko‘rgazmasida 3 mingdan ziyod ishtirokchi interaktiv so‘rovnomada qatnashib, kelajak shaharlarida sun’iy intellekt nimalarni yaxshilashda yordam berishi kerakligini tanladi.

So‘rov natijalariga ko‘ra, mutlaq yetakchi yo‘nalish – tirbandliklarni bartaraf etish bo‘ldi. Ishtirokchilarning 76 foizi SI yordamida shaharni tirbandliksiz ko‘rishni istashini bildirdi. Ikkinchi o‘rinda ekologiya masalalari turibdi – 53 foiz respondent sun’iy intellekt havo sifati va ko‘kalamzorlashtirishni nazorat qilishda yordam berishi zarurligini ta’kidladi.

Shuningdek, 33 foiz ishtirokchi shahar xavfsizligini ta’minlash, oilalar, hovlilar va ko‘chalarni himoya qilishda SIdan foydalanishni muhim deb bildi. Madaniy hayot va ko‘ngilochar tadbirlarni rivojlantirish bo‘yicha 31 foiz ovoz berildi.

Ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida esa 29 foiz respondent sun’iy intellekt o‘qituvchilar, shifokorlar va bolalarni qo‘llab-quvvatlashda katta imkoniyatlarga ega ekanini qayd etdi. Xuddi shuncha — 29 foiz — fuqarolar 24/7 xizmat ko‘rsatadigan, kundalik muammolarni «bir bosishda» hal qiluvchi raqamli yechimlarni qo‘llab-quvvatladi.

Ishtirokchilardan biri talaba sifatida shunday fikr bildirdi:

«Tirbandlik paytida taksi narxi keskin oshadi. Men uchun qulay va arzon harakatlanish juda muhim, Si yordamida yo‘llar ochilib, narxlar barqaror bo‘lsa, juda yaxshi bo‘lardi».

Yana bir toshkentlik ayol shunday dedi:

«Ertalab va kechqurun uydan ancha oldin chiqishga majburmiz. Tirbandlik vaqtida taksilar hovlilar orasidan o‘tib, xavf tug‘diradi. Bunga yechim zarur».

So‘rovnoma qozoq IT-kompaniyalari guruhi Sergek stendida o‘tkazildi. Kompaniya shaharlarda aqlli texnologiyalarni joriy qilish bo‘yicha tajribaga ega. Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, bunday tashabbuslar shahar aholisining real talablarini yaxshiroq tushunish va megapolislarni qulayroq, xavfsizroq hamda zamonaviyroq qilish imkonini beradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan tadbirkor va qurilishdagi korrupsion holatlar yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida xabar bergan edi.