
Vivo kompaniyasi tez orada o‘zining yangi Vivo V60e modelini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.
Hindistonning Flipkart platformasida ochilgan maxsus sahifa smartfonning asosiy xususiyatlarini ochiqlab berdi. Yangi model Vivo brendida birinchi marta 200 megapikselli asosiy kamera bilan jihozlanadi. Orqa panelda unga 8 MP ultra-keng modul hamrohlik qiladi. Old kamerasi esa 50 megapikselli bo‘lib, autofokus funksiyasi bilan selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun yuqori sifatni ta’minlaydi. Qurilma to‘rt tomonlama egri displey bilan chiqadi.
Vivo V60e 6500 mA/soat quvvatga ega katta batareyaga ega bo‘lib, 90 vattli tezkor simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Smartfon MediaTek Dimensity 7360 Turbo protsessorida ishlaydi. Yana bir muhim jihati NFC modulidir. U chang va suvdan himoya darajalari IP68 hamda IP69, shuningdek, Android 15 asosidagi FuntouchOS 15 tizimi bilan jihozlangan.
Narxlar bazaviy 8 GB + 128 GB versiya uchun 34 999 rupiydan ($394) boshlanadi. 8 GB + 256 GB variant 36 999 rupiy ($416), 12 GB + 256 GB model esa 38 999 rupiy ($439) etib belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan eng yaxshi kameraga ega smartfonlar reytingi yangilangani haqida yozgan edi.