
Milan shahri kengashi mashhur «San-Siro» stadionini Italiyaning ikki grandi — «Inter» va «Milan» klublariga sotishga ruxsat berdi. Bu haqda La Gazzette dello Sport nashri xabar bermoqda.
Manbaga koʻra, qaror 30-sentabr kuni qabul qilingan. Bitim qiymati esa 197 million yevroni tashkil etgan.
Maʼlumki, ikki klub yillar davomida oʻzining uy uchrashuvlarini navbatma-navbat shu stadionda oʻtkazib kelgan. Endi esa ular ushbu inshootni sotib olib, uni buzish va yoniga yangi zamonaviy arena qurishni rejalashtirmoqda.
Qayd etilishicha, eski stadionni rekonstruksiya qilish texnik jihatdan samarasiz va murakkab deb topilgan, shu bois yangisini qurish ustuvor variant sifatida ko’rilmoqda. Yangi arenaning qurilish ishlari 2027-yilda boshlanishi va 2031-yilga qadar yakunlanishi rejalashtirilmoqda.
Maʼlumot uchun, «San-Siro» 1926-yilda bitkazilib, foydalanishga topshirilgan. Majmua oʻz bagʻriga 80 mingdan ortiq tomoshabinni sigʻdira oladi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Jennifer Lopesning konserti sabab abgor ahvolga kelib qolgan «Bunyodkor» stadionida ta’mirlash ishlari boshlangani haqida xabar berilgandi.