2025-yilning kuz mavsumi uchun eng yaxshi 5 ta smartfon

1-oktabr 2025 16:37 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Google Store

Smartfon tanlashda narxi va imkoniyatlarini hisobga olish o‘rinli. «Palach» nashrining maqolasida 2025-yilning kuz mavsumi uchun eng yaxshi 5 ta smartfon va ularning texnik xususiyatlari haqida so‘z boradi.

Google Pixel 10

Google’ning yangi avlodi ixcham korpus va toza Android operatsion tizimi bilan ajralib turadi. Qurilma sun’iy intellekt funksiyalariga katta e’tibor qaratgan. 6,3 dyuymli OLED ekrani 120 Hz yangilanish tezligiga ega bo‘lib, 3000 nitgacha yorqinlik beradi.

2025-yilning kuz mavsumi uchun eng yaxshi 5 ta smartfon / Foto: Ochiq manbalar

Barmoq izi skaneri ultratovush texnologiyasida ishlaydi. Kamera tizimi 48, 10,8 va 13 megapikselli uch moduldan iborat bo‘lib, 5x optik zumni qo‘llab-quvvatlaydi. 4970 mA·soat sig‘imli akkumulyator kunlik ishlatishda yetarli darajada. Google 7 yil davomida yangilanish kafolatlagan. Biroq Tensor G5 chipi yuqori darajadagi o‘yinlar uchun unchalik mos emas. Bazaviy versiyada 128 GB xotira beriladi, AQSh bozorida esa eSIM-only talqini ham mavjud.

iPhone 17

Apple bu yilgi standart modelni jiddiy yangilagan. Qurilma nihoyat ProMotion texnologiyasi va Always-On Display funksiyasini oldi. Bazaviy xotira hajmi 256 GB bo‘lib, bu kundalik foydalanish uchun yetarli.

Foto: Ochiq manbalar

Asosiy kamera tizimi ikki moduldan iborat: 48 megapikselli keng va 48 megapikselli kengaytirilgan sensorga ega. A19 chipi kuchli ishlash va uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlashni ta’minlaydi. Akkumulyator sig‘imi 3962 mA·soat bo‘lib, kunlik ehtiyojlarni qoplaydi. Qurilma IP68 himoyasi, Ceramic Shield oynasi va kuchli stereo ovoz bilan jihozlangan. Balansli flagman sifatida ko‘pchilik uchun eng qulay tanlov hisoblanadi.

iQOO 13

Model Snapdragon 8 Elite chipi ishlaydi. 6,7 dyuymli LTPO OLED ekrani 144 Hz yangilanish tezligi va 4500 nitgacha yorqinlik ko‘rsatadi. Qurilma IP68 himoyasiga ega. Asosiy kamera tizimi 50+50+50 MP uch moduldan iborat bo‘lib, 2x optik zumni qo‘llaydi. Old kamera 32 MP. 6150 mA·soat sig‘imli akkumulyator va 120 Vt quvvatlash texnologiyasi uzoq ishlash va tezkor zaryadni ta’minlaydi. Google xizmatlarini sozlashda biroz vaqt talab etilishi mumkin.

Vivo X200 Ultra

Foto: Mediapark

Vivo bu yil fotografiyaga katta urg‘u qaratdi. Model 50, 200 va 50 MP kameralar bilan jihozlangan bo‘lib, Zeiss optikasi va kuchli zum funksiyalari mavjud. Tungi rejimda ham tiniq kadrlarni suratga olish mumkin. Qurilma LTPO OLED 120 Hz ekran va Snapdragon 8 Elite chipiga ega. IP69 himoyasi qurilmani yanada ishonchli qiladi. 6000 mA/soatlik akkumulyator uzoq muddatli ishlashni kafolatlaydi. Ultrasonik skaner tezkor ishlaydi, bazaviy xotira esa 256 GB dan boshlanadi. Kontent yaratuvchilar uchun mukammal tanlov sifatida ko‘rilmoqda.

iPhone 17 Pro

Foto: Apple

Apple’ning Pro talqini dizaynda ham, texnikada ham yangilangan. Alyuminiy detallar va yangi ranglar unga o‘ziga xos ko‘rinish beradi. A19 Pro chipi yuqori tezlikni ta’minlaydi, ekran esa yanada yorqinlashgan. Qurilma 12 GB tezkor xotira bilan jihozlangan. Old kamera 24 MP bo‘lib, asosiy uchlik kamera ham sezilarli darajada yangilangan. Bir kunlik ishlatishda zaryad bemalol yetadi. Kontent ijodkorlari va professional foydalanuvchilar uchun eng mukammal variant sifatida taqdim etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S25 va Google Pixel 10 smartfonlarini taqqoslagan edi.

Shuningdek