Avto

Chevrolet Equinox 2026 taqdim etildi

Yangi model tashqi ko‘rinishida biroz yangilanishlarga ega bo‘lgan
Chevrolet Equinox 2026
Chevrolet Equinox 2026 taqdim etildi / Foto: Chevrolet

GM kompaniyasi tomonidan yangilangan Chevrolet Equinox 2026 avtomobili rasman taqdim etildi. Bu haqda kompaniya saytida ma’lum qilindi.

Model uchta asosiy versiyada sotuvga chiqadi. Ular LT, RS va ACTIV versiyalari bo‘lib, texnik imkoniyatlari farq qiladi. Bu komplektatsiyalar 2025-yilgi avloddan o‘zgarishsiz qolgan.

Equinox 2026 avtomobili / Foto: Chevrolet

Yangi model tashqi ko‘rinishida biroz yangilanishlarga ega bo‘lgan. Eng muhim yangiliklardan biri — kuzov rangiga qo‘shilgan Polar White («Qutb oqi») deb nomlangan yangi rang bo‘lib, u avtomobilga yanada zamonaviylik va joziba beradi. Shuningdek, LT bazaviy komplektatsiyasidan ilgari mavjud bo‘lgan relingli tom opsiyasi olib tashlandi. Bu qaror avtomobil vaznini kamaytirish va ishlab chiqarish xarajatlarini optimallashtirishga qaratilgan.

Foto: Chevrolet

Equinox 2026’dan boshlab barcha komplektatsiyalarda harakat rejimlarini tanlash uchun selektor standart jihoz sifatida taqdim etiladi. Bu funksiyaning qo‘shilishi boshqaruvni yanada qulay qiladi va haydovchi uchun umumiy komfortni oshiradi.

Chevrolet Equinox 2026 avtomobili / Foto: Chevrolet

Texnik qismida esa jiddiy o‘zgarishlar yo‘q. Avtomobil avvalgidek 1,5 litrli, 175 ot kuchiga ega turbo dvigatel bilan ta’minlanadi. Old g‘ildirakdan tortuvchi versiyalarda CVT transmissiya, to‘liq g‘ildirakdan tortuvchi modellarda esa 8 pog‘onali avtomatik uzatma ishlatiladi.

Shunday qilib, Chevrolet Equinox 2026 tashqi ko‘rinishdagi yangilanishlar va funksional qulayliklarga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, texnik jihatdan 2025-yilgi modelni takrorlaydi.

Equinox 2026 avtomobilining ichki qismi / Foto: Chevrolet

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Captiva elektromobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi. Shuningdek, Chevrolet Onix avtomobili haqida qiziqarli faktlar jamlangan maqola ham e’lon qilingan.