Avto

Chevrolet Onix faqat etanolda ishlaydigan dvigatelga ega bo‘lishi mumkin

Flex-fuel texnologiyasi qo‘llaniladi
Chevrolet Onix
Chevrolet Onix avtomobili faqat etanolda ishlaydigan dvigatelga ega bo‘lishi mumkin / Foto: Chevrolet

GM kompaniyasi tomonidan Braziliya bozori uchun Chevrolet Onix avtomobili yangi versiyada taqdim etilishi ko‘rib chiqilmoqda. Gap faqat etanol yonilg‘isida ishlaydigan dvigatel haqida bormoqda.

Hozirgi kunda Onix hamda Chevrolet’ning Braziliyadagi deyarli barcha ichki yonuv dvigatelli modellarida flex-fuel texnologiyasi qo‘llaniladi. Ya’ni ular ham benzin, ham etanol bilan ishlash imkoniyatiga ega. Yangi loyiha esa faqat etanolga moslashtirilgan bazaviy Onix versiyasini yaratishni nazarda tutadi.

GM marketing va muhandislik bo‘limlari ishlab chiqayotgan dastlabki reja 1,0 litrli uch silindrli atmosferali dvigatelni qayta sozlashni o‘z ichiga oladi. Dvigatelning yonish kamerasi, klapanlarni boshqarish tizimi va boshqa bir qator texnik elementlari yangilanadi. Natijada avtomobilning narxi ham pasayishi mumkin.

Foto: GMAutority

Ma’lum qilinishicha, yangi dvigatel hozircha faqat Onix xetchbek versiyasiga mo‘ljallangan. Onix Plus sedan modeli uchun bunday variant ishlab chiqilmaydi. Modelning qachon rasman taqdim etilishi esa hozircha ochiqlanmagan.

General Motors Braziliyada etanol yoqilg‘isiga alohida e’tibor qaratmoqda. Kompaniya Chevrolet Onix modelini faqat etanolda ishlaydigan versiyada chiqarish rejalarini o‘rganmoqda. Bunday dvigatel yonilg‘i sarfini kamaytirish, ekologik talablarni bajarish va mashinaning narxini yanada arzonlashtirish imkonini beradi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Equinox 2026 taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Model uchta asosiy versiyada sotuvga chiqadi. Ular LT, RS va ACTIV versiyalari bo‘lib, texnik imkoniyatlari farq qiladi. Bu komplektatsiyalar 2025-yilgi avloddan o‘zgarishsiz qolgan.