Filippinda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 69 kishi halok bo‘ldi

Filippinning markaziy qismida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. New York Times nashrining yozishicha, hodisa oqibatida kamida 69 kishi vafot etgan. 150 dan ortiq odamlar jarohat olgan.
Filippin vulqonologiya va seysmologiya instituti xabariga ko‘ra, 6,9 magnitudali zilzila kecha soat 22:00 atrofida 3,2 mln aholiga ega Sebu provinsiyasida yuz bergan. Zilziladan keyin bir nechta takroriy silkinishlar ham qayd etilgan.

Favqulodda vaziyatlarni boshqarish milliy kengashi ma’lumotiga ko‘ra, 22 ta inshoot shikastlangan. Yana uchta ko‘prik va bitta yo‘l yaroqsiz holga kelgan. Aloqa vositalarida uzilishlar kuzatilgan bo‘lib, fuqarolik mudofaasi vakillari ularni tiklash ustida ishlamoqda.
Sebu gubernatori Pam Barikuatro aholiga tezkor yordam ko‘rsatish uchun suv, dori-darmon va zarur resurslarni yetkazish haqida farmoyish bergan. Yo‘llarni tozalash va qutqaruv ishlariga maxsus texnika jalb etilgan.
Hukumat vakillarining ma’lum qilishicha, ko‘plab qurbonlar Bogo tumanidan. San-Remigio shahrida sport majmuasi qulab tushishi oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan. Ulardan biri Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimi, qolganlari esa sohil xavfsizlik xizmati a’zolari bo‘lgani bildirilgan. Yana bir bola qulagan binoda qolib ketib, halok bo‘lgani qayd etilgan.
Qutqaruvchilar hozirda vayronalar ostida qolganlarni izlash va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatishni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Pokistonda kuchli suv toshqini oqibatida 950 dan ortiq kishilar halok bo‘lgani haqida yozgan edi.