Yangiliklar

O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat yubordi

30-sentabr kuni sodir bo‘lgan voqea yuzasidan
O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulligi Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat yubordi / Foto: Ochiq manbalar

O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi osiyolik qiyofali voyaga yetmagan shaxsga tajovuz qilingani yuzasidan Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat yubordi. Bu haqda konsulxona telegram kanalida ma’lum qilindi.

30-sentabr kuni shahar markazidagi Lenin ko‘chasida bir guruh o‘smirlar osiyolik qiyofali voyaga yetmagan shaxsga tajovuz qilgan. Hodisa chog‘ida jabrlanuvchi kaltaklangan, milliy asosda haqoratli so‘zlar ishlatilgan va uni tiz cho‘ktirishga majburlashgan.

Rossiya Ichki ishlar vazirligining Novosibirsk viloyati boshqarmasi mazkur voqea yuzasidan tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan. Hozirda hodisaga aloqador shaxslar aniqlanmoqda. Jabrlangan bolaning millati va fuqaroligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tekshirilmoqda.

O‘zbekiston Bosh konsulxonasi rasmiy kanallar orqali Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat yuborgan. Unda mazkur hodisa yuzasidan batafsil ma’lumot, shuningdek, kaltaklangan o‘smirning millati haqida to‘liq axborot taqdim etish so‘ralgan. Diplomatik vakolatxona vaziyatni qat’iy nazoratga olganini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Rossiyada migrantlarga ijtimoiy nafaqalarni bekor qilish taklif etilgani haqida yozgan edi.