Yangiliklar

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi qaytarilishi mumkin

Tegishli qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritiladi
Qirg‘izistonda o‘lim jazosi qaytarilishi mumkin / Foto: Ochiq manbalar

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda o‘lim jazosini qayta joriy etishni topshirdi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident huquqiy ta’minot boshqarmasi rahbari Murat Ukushevga tegishli qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishni vazifa qilib qo‘ydi. Qonun loyihasi bolalar, qizlar va ayollarga nisbatan jinoyatlar uchun jazoni keskin kuchaytirishni, xususan, bolalarni zo‘rlash va ayollarni zo‘rlab o‘ldirish hollari uchun o‘lim jazosini nazarda tutadi.

Matbuot kotibi Japarovning Issiqko‘lda 17 yoshli qizning o‘ldirilishi haqidagi xabarni chuqur iztirob bilan qabul qilganini ta’kidlagan. Prezident bu ishni shaxsan nazoratga olgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qirg‘iziston Xitoydan O‘zbekistonga temir yo‘l qurilishini jadallashtirgani haqida yozgan edi.