Yaqin kelajakda har bir o‘qituvchi munosib maosh oladi — Saida Mirziyoyeva

Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘qituvchilarni kasb bayrami bilan tabriklab, yaqin kelajakda ular munosib maosh olishini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat pedagoglar hayoti va faoliyatini yengillashtirish uchun qator muhim qarorlarni qabul qilgan. Jumladan, o‘qituvchilar uchun imtiyozli ipoteka va ta’lim kreditlari joriy etilgan, farzandlarning oliy ta’lim muassasalariga kirishida yordam ko‘rsatilishi belgilangan. Shuningdek, pedagoglar uchun imtiyozli aviachiptalar, davlat xizmatlari uchun to‘lovlarni ikki baravar kamaytirish kabi qulayliklar yaratilgan. Sertifikatga ega o‘qituvchilarga esa endilikda har oy 50 foizgacha ustama beriladi.
Mirziyoyeva o‘z tabrigida yaqin kelajakda har bir o‘qituvchi munosib maosh olishini va bu kasbning obro‘-e’tibori yanada ortishini ta’kidladi.
«Bundan keyin ham jonajon O‘zbekistonimizda hamma — birinchi sinf o‘quvchisidan tortib, prezidentgacha o‘qituvchi kirib kelganida o‘rnidan turib, doimo ehtirom ko‘rsatishini istardim», — deya qayd etgan Administratsiya rahbari.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mirziyoyeva Andrea Bochelli konsertiga tashrif buyurgani haqida yozgan edi.