
Chery kompaniyasi yangi Chery Fulwin T11 avtomobili uchun oldindan buyurtmalarni 13-oktabrdan Xitoyda boshlashini e’lon qildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Narxlar hali ma’lum qilinmagan. Model zamonaviy dizaynga ega bo‘lib, ingichka LED faralar, ularni birlashtiruvchi chiroq chizig‘i va keng pastki bamperi bilan ajralib turadi. Avtomobil uzunligi 5150 mm, kengligi 1995 mm, balandligi 1800 mm, g‘ildirak bazasi esa 3120 mm.

Salon 2+2+2 sxemasi asosida oltita o‘rindiq bilan jihozlangan. Markazda 30 dyuymli 6K sensorli ekran, AR-HUD proyeksiya displeyi va 23 dinamikli audiosistema mavjud. Shuningdek, salonda 256 xil rangli yoritish va uch xil aromatizatsiya tizimi o‘rnatilgan.

Fulwin T11 1,5 litrli gibrid tizim bilan ishlaydi. Old va orqa elektromotorlar 154 ot kuchi quvvatga ega. Mashina 0 dan 100 km/soat tezlikka atigi 5 soniyada chiqadi. Akkumulyator 220 km masofani faqat elektr quvvati yordamida bosib o‘tish imkonini beradi. Umumiy yurish masofasi esa 1400 km dan ortiq.

Yangi model Falcon 700 haydovchi yordam tizimi va lidar texnologiyasi bilan ham jihozlangan. Shu orqali u Chery krossoverlari ichida eng ilg‘or avtomobil sifatida taqdim etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Exeed Yaoguang C-DM Global Edition taqdim etilgani haqida yozgan edi.
U uchta turda taklif etilmoqda va asosiy o‘zgarishlar quvvat blokida amalga oshirilgan. Avtomobil 1 400 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin. Model nomidagi Global Edition atamasi uning xorijiy bozorlarga ham eksport qilinishini anglatadi.