Dramaturg va yosh rejissyorlar uchun mukofotlar ta’sis etildi

Hukumat qarori bilan dramaturglar uchun Mahmudxo‘ja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun esa Bahodir Yo‘ldoshev nomidagi mukofotlar ta’sis etildi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Mukofotlar har ikki yilda bir marotaba o‘tkaziladigan tanlov orqali topshiriladi. G‘oliblar teatr san’atini dolzarb mavzulardagi sahna asarlari bilan boyitishdagi xizmatlari uchun diplom, statuetka va mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 barobariga teng pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Nomzodlarni taklif etish jarayoni tegishli tashkilotlar orqali amalga oshirilib, Madaniyat vazirligi ularni 1-fevralgacha komissiyaga taqdim etadi. Komissiya esa 1-martgacha hujjatlarni ko‘rib chiqib, har bir mukofot bo‘yicha eng munosib nomzodni aniqlaydi.
Mukofotlar 27-mart – Xalqaro teatr kuni arafasida Madaniyat vaziri yoki uning o‘rinbosari tomonidan tantanali ravishda topshiriladi. Bu tashabbus milliy teatr san’atini rivojlantirish va ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlashda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofoti bilan taqdirlangan edi.