Gadjetlar

Huawei Mate 80 va Mate 80 Pro 3C smartfonlarining dizayn tafsilotlari ma’lum bo‘ldi

Huawei Mate 80 va Mate 80 Pro 3C smartfonlarining dizayn tafsilotlari ma’lum bo‘ldi / Foto: Huawei

Huawei kompaniyasi tomonidan noyabr oyida Xitoyda o‘zining yangi Huawei Mate 80 seriyasi taqdim etilishi kutilmoqda. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Huawei uchta yangi modelni sinovdan o‘tkazmoqda. Standart Mate 80 (VYG-AL00) Xitoyning 3C sertifikatlar bazasida paydo bo‘ldi va u 66 Vt tezkor simli quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Mate 80 Pro modellari (SGT-AL00 va SGT-AL50) esa 100 Vt quvvatlagich bilan tasdiqlangan.

Foto: Gizmochina

Dizaynda katta o‘zgarishlar kuzatiladi. Qurilmalar markaziy dumaloq kamera blokiga ega bo‘ladi. Yuqori chap burchakka ikki rangli bar uslubidagi chaqnoq, yuqori o‘ngga esa bar shaklidagi simmetrik sensor joylashtirilgan. Shuningdek, asosiy kameraning pastki qismiga multispektral linza qo‘shilishi aytilmoqda.

Seriya to‘rt modeldan iborat bo‘lishi mumkin. Mate 80, Mate 80 Pro, Mate 80 Pro+ va Mate 80 RS. Mate 80’da 50 MP 1/1.5 dyuymli asosiy sensor, Pro‘da 50 MP 1/1.3 dyuymli sensor, Pro+ va RS versiyalarida esa kattaroq 50 MP SmartSens 590 sensor ishlatiladi.

Foto: Gizmochina

Chipset masalasida esa Mate 80 seriyasining barcha modellari (yoki kamida yuqori darajali versiyalari) yangi Kirin 9030 protsessoriga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Huawei hali rasmiy taqdimot sanasini e’lon qilmagan, biroq manbalarga ko‘ra, seriya noyabr oyida taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan hamyonbop va bukiluvchi Huawei Nova Flip S taqdim etilishi kutilayotgani haqida yozgan edi.