Ilon Maskning boyligi, Samarqanddagi holat, Pavel Durov Ostonada hamda Meta AI — 2-oktabr kungi muhim xabarlar dayjesti


Ilon Mask $500 milliardlik boylikka erishdi
Tesla va boshqa startaplari tufayli Ilon Mask tarixda birinchi bo‘lib $500 mlrdlik sof boylikka ega bo‘ldi. Forbes ma’lumotiga ko‘ra, uning boyligi $500,1 mlrdni tashkil etdi.

Tolibon Afg‘onistonda internetga taqiq qo‘yilishi bo‘yicha munosabat bildirdi
Tolibon Afg‘onistonda internet butunlay o‘chirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haftada kuzatilgan uzilishlar eskirgan tolali-optik kabellarni almashtirish zarurati bilan bog‘liq bo‘lgan.

Meta AI foydalanuvchi suhbatlaridan reklama maqsadida foydalanadi
Meta 16-dekabrdan boshlab foydalanuvchilarning sun’iy intellekt chatboti bilan o‘tkazgan suhbatlarini reklama maqsadida qo‘llashni boshlaydi. Kompaniyaga ko‘ra, bu o‘zgarish reklamalarning yanada maqsadliroq bo‘lishini ta’minlaydi.

Nyu-Yorkda ikkita samolyot to‘qnashdi — video
Nyu-Yorkdagi LaGuardia xalqaro aeroportida Delta Air Lines kompaniyasiga qarashli ikki samolyot taxi yo‘lagida to‘qnashib ketdi. Hodisa chorshanba kuni kechqurun, mahalliy vaqt bilan soat 22:00 atrofida yuz bergan.

AQSh hukumati budjet kelishmovchiligi sababli faoliyatini to‘xtatdi
1-oktabr kuni yarim tunda (Toshkent vaqti bilan soat 09:00 da) AQShda hukumatning vaqtincha yopilishi — shatdaun boshlandi. Kongress yangi moliyaviy yil uchun budjetni qabul qila olmagani oqibatida yuzaga keldi.

Qozog‘istonning Halyk Bank’iga Click ulushini sotib olishga ruxsat berildi
Qozog‘istonning Halyk Bank’iga O‘zbekiston kompaniyasi Click ulushini sotib olishga ruxsat berildi. Bu haqda qarorni Qozog‘iston Moliya bozorni tartibga solish va rivojlantirish agentligi qabul qildi.

Pavel Durov Ostonada sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilishini e’lon qildi
Telegram egasi Pavel Durov Ostonada sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilishini e’lon qildi. Bu haqda Kursiv Media xabar berdi. Loyiha u yerda sun’iy intellekt vazirligi tomonidan ishga tushiriladi.

Deport qilinganlarga xorijga chiqish pasporti berish tartibi belgilandi
Endilikda deport qilingan fuqarolariga istisno holatlarda xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirib berish tartibi belgilandi. Readmissiya qilingan shaxslar haqidagi ma’lumotlar Migratsiya va personallashtirish departamenti (MvaPD) tomonidan «Pasport-viza» axborot tizimiga kiritiladi.

Samarqandda ayolni kuch bilan mashinaga o‘tqazish holati yuzasidan izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda ayolni majburan mashinaga o‘tqazish aks etgan video tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi holat bo‘yicha ma’lumot berdi.