
Hukumatning 2025-yil 30-sentabrdagi qarori bilan «Kambag‘al oilalar reyestri»ga kiritilgan oilalarga kredit ajratish tartibi tasdiqlandi.
Endi «Xalq banki» va «Mikrokreditbank» orqali noutbuk, kichik ishlab chiqarish uskunalari, ko‘chma do‘kon, motoroller, skuter va boshqa vositalarni xarid qilish uchun kredit olish mumkin.
Arizalar onlayn platforma orqali topshiriladi. Zarur hollarda «mahalla yettiligi» yordam beradi. Arizalar bir ish kunida ko‘rib chiqiladi, besh ish kunida esa joyiga chiqib o‘rganiladi va qaror qabul qilinadi.
Kreditlar oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasidagi foiz stavkasiga qo‘shimcha haq bilan beriladi:
- 15 mln so‘mgacha bo‘lgan noutbuk xaridi uchun besh yil muddatga, ikki yil imtiyozli davr bilan;
- tadbirkorlik uchun 30 mln so‘mgacha bo‘lgan uskunalar xaridiga besh yilgacha muddat bilan.
Bundan avval kam ta’minlangan yoki kambag‘al oilalar vakillari ijtimoiy karta orqali ayrim tovar va xizmatlarni xarid qilganda QQSni qaytarish tartibi soddalashtirilishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, ijtimoiy karta bilan oylik xaridlar summasi bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 10 baravarigacha bo‘lsa, QQS miqdori qaytarib beriladi. Soliq qo‘mitasi avtomatlashtirilgan dastur orqali soliq summasini aniqlab, xarid amalga oshirilgan kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga ma’lumot yuboradi.