Meta AI foydalanuvchi suhbatlaridan reklama maqsadida foydalanadi

Meta 16-dekabrdan boshlab foydalanuvchilarning sun’iy intellekt chatboti bilan o‘tkazgan suhbatlarini reklama maqsadida qo‘llashni boshlaydi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
Kompaniyaga ko‘ra, bu o‘zgarish reklamalarning yanada maqsadliroq bo‘lishini ta’minlaydi.
Hozircha Meta foydalanuvchilarning postlari, havolalarga bosishi va aloqalari asosida reklama yo‘naltirsa, endilikda chatbot orqali aytilgan xarid niyatlari yoki qiziqishlari ham hisobga olinadi. Masalan, agar foydalanuvchi SI bilan sayohat haqida gaplashsa, unga shu mavzudagi ko‘proq reklama va kontent ko‘rsatiladi.
Meta AI hozirda oyiga 1 mlrddan ortiq foydalanuvchiga ega. O‘tgan chorakda kompaniya reklama orqali $46,5 mlrd daromad olgan va bozor qiymati $1,8 trlnga yetgan.
Shu bilan birga, kompaniya diniy qarashlar, sog‘liq yoki siyosiy fikrlarga oid suhbatlardan reklama nishonlashda foydalanmasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta yangi aqlli ko‘zoynaklarni taqdim etgan edi.