Oʻzbekiston terma jamoasi 9-oktabrda Kuvaytga qarshi oʻrtoqlik oʻyini oʻtkazadi

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oktabr oyida Kuvayt termasiga qarshi oʻrtoqlik uchrashuvi oʻtkazadi. Bu haqda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ma’lum qildi.
Uchrashuv 9-oktabr kuni soat 18:00 da Toshkentdagi «Olimpiya» stadionida boʻlib oʻtadi.
Jamoa, shuningdek, 13-oktabr kuni Malayziya poytaxti Kuala-Lumpurda Urugvayga qarshi oʻrtoqlik oʻyinini oʻtkazishi rejalashtirilgan. Ushbu bellashuvlar milliy jamoaning 2026-yilgi FIFA Jahon chempionatiga tayyorgarlik doirasida tashkil etilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston terma jamoasi 5-iyun kuni Abu-Dabida boʻlib oʻtgan saralash bahsida BAA bilan 0:0 hisobida durang qayd etib, mamlakat tarixida ilk marta jahon chempionati yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan edi.
Hozirda Kuvayt termasi FIFA reytingining 135-oʻrnida. Jamoani portugaliyalik mutaxassis Eliu Souza boshqarmoqda. Oʻzbekiston esa roʻyxatda 54-oʻrindan joy olib, Osiyo jamoalari ichida 6-oʻrinni egallab turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilgi Jahon chempionati ramzlari taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.