Pavel Durov Ostonada sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilishini e’lon qildi

eʼlon qilindi
Loyiha bu yerda sun’iy intellekt vazirligi tomonidan ishga tushiriladi
Pavel Durov Ostonadagi Digital Bridge 2025 forumida ishtirok etmoqda
Pavel Durov Ostonadagi Digital Bridge 2025 forumida ishtirok etmoqda. Foto: Digital Business

Telegram egasi Pavel Durov Ostonada sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilishini e’lon qildi. Bu haqda Kursiv Media xabar berdi.

«Bir yil oldin biz bu yerda, Qozog‘istonda birinchi mintaqaviy ofisni ochdik va biz, albatta, natijalarni ko‘rib juda xursandmiz. Bugun aynan shu Alem.AI binosida sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilishini e’lon qilishim mumkinligidan juda faxrlanaman. Birinchi loyiha Telegram va Qozog‘iston superkompyuter klasteri o‘rtasidagi hamkorlik loyihasi bo‘ladi. Bu loyiha bu yerda sun’iy intellekt vazirligi tomonidan ishga tushiriladi», dedi u Ostonadagi Digital Bridge forumida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha oy ichida Telegram blokcheyn va sun’iy intellektni kesib o‘tishning yangi texnologiyasi ustida ishlagan, bu esa bir milliarddan ortiq odamga markazlashmagan kompyuter tizimi tomonidan xususiy shaffof tartibda ishlab chiqariladigan sun’iy intellekt funksiyalaridan foydalanish imkonini beradi.

Durov ishtirok etayotgan ushbu forumda 100 dan ortiq mamlakatdan 67 mingdan ziyod ishtirokchi, mingdan ortiq spiker va 500 ga yaqin startap qatnashmoqda. Forum doirasida Astana Hub Battle startaplar tanlovi ham bor. Uning hakamlar hay’ati tarkibiga Telegram asoschisi Pavel Durov kiradi. Tanlov g‘oliblari $100 ming mukofot jamg‘armasi uchun kurashadi va xalqaro investorlar hamda yirik kompaniyalarga o‘z loyihalarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Mazkur tadbir 4-oktabrgacha davom etadi va unda GovTech, blokcheyn, katta ma’lumotlar va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘plab sessiyalar o‘tkaziladi.

Durov bundan avval 2024-yilda ham Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga tashrif buyurgan edi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda aholining 70 foizidan ko‘prog‘i Telegramdan foydalanadi, deyarli har bir biznesning o‘z kanali yoki boti mavjud.

Shuningdek