
Qozog‘istonning Halyk Bank’iga O‘zbekiston kompaniyasi Click ulushini sotib olishga ruxsat berildi. Bu haqda qarorni Qozog‘iston Moliya bozorni tartibga solish va rivojlantirish agentligi qabul qildi.
Bitimni yakunlash uchun tomonlar O‘zbekiston Markaziy banki va Raqobat qo‘mitasidan ham rozilik olishi kerak.
Kursiv Uzbekistan ushbu masala yuzasidan Markaziy bankka so‘rov yubordi.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida Halyk Bank O‘zbekistonning to‘lov tizimi Click aksiyalarining 49 foizini 176,4 mln dollarga sotib olishi ma’lum qilingandi. Shartnoma doirasida Click ham Halyk Bank’ning O‘zbekistondagi Tenge Bank sho‘ba korxonasidagi 49 foiz ulushni 60,7 mln dollarga sotib oladi. Har ikkala kelishuv ham O‘zbekiston va Qozog‘iston regulyatorlari tomonidan tasdiqlanishi zarur.
Halyk Bank — Qozog‘istonning eng yirik universal tijorat banki bo‘lib, bosh ofisi Olmaotada joylashgan. Bank sug‘urta, lizing, investitsiya va moliyaviy xizmatlar kabi keng ko‘lamli faoliyat yuritadi. O‘tgan yilda bank foydasi 921 mlrd tenge bo‘lib, bu 32,8 foizlik o‘sishni ko‘rsatdi.
Avvalroq Yakkasaroydagi Xalq banki binosi sotuvga chiqarilgani haqida xabar berilgandi. Shota Rustaveli ko‘chasi va Janubiy vokzal yaqinida joylashgan uch qavatli bino 23 sotix hududni egallagan. Uning umumiy maydoni 2061 kvadrat metrni, xo‘jalik qismi esa 1644 kvadrat metrni tashkil etadi. Elektr, suv va kanalizatsiya tizimlari mavjud bo‘lsa-da, gaz tarmog‘i ulanmagan.