Tolibon Afg‘onistonda internetga taqiq qo‘yilishi bo‘yicha munosabat bildirdi

eʼlon qilindi
Kuzatilgan uzilishlar eskirgan tolali-optik kabellarni almashtirish zarurati bilan bog‘liq bo‘lgan
Tolibon shimolda internetni taqiqladi
Foto: Ochiq manbalar

Tolibon Afg‘onistonda internet butunlay o‘chirilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Bu haqda Al Jazeera nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, bu haftada kuzatilgan uzilishlar eskirgan tolali-optik kabellarni almashtirish zarurati bilan bog‘liq bo‘lgan.

«Internetni taqiqlaganimiz haqidagi gaplar asossiz», deya Tolibon aloqa uzilishiga oid ilk rasmiy izohini bildirdi.

Netblocks global kuzatuv tashkiloti esa 29-sentabr kuni 43 million aholiga ega mamlakatda to‘liq internet bloklanishi kuzatilganini qayd etdi. Telefon aloqalarida ham jiddiy muammolar yuzaga kelgan.

Shunga qaramay, Tolibon ilgari ayrim hududlarda internet xizmatlarini axloqiy buzilishlarga qarshi kurash bahonasida to‘xtatib qo‘ygan. Masalan, sentabr oyida Balx viloyatida tolali-optik internet butunlay taqiqlangani e’lon qilingan. Shuningdek, Badaxshon, Taxor, Hilmand, Qandahor va Nangarhor viloyatlarida ham cheklovlar kuzatilgan.

TOLOnews telekanali xabariga ko‘ra, Tolibon mobil qurilmalarda 3G va 4G xizmatlarini bir hafta ichida to‘xtatish bo‘yicha topshiriq bergan. Hukumatdagi manbalar esa sakkiz mingdan ortiq telekommunikatsiya ustunlari vaqtincha o‘chirilishini bildirgan.

Internet uzilishi nafaqat shaxsiy muloqotni, balki aviatsiya, bank tizimi va savdoni ham izdan chiqarmoqda. Bu hodisa mamlakat sharqida 2 mingdan ortiq odamlar halok bo‘lgan kuchli zilziladan atigi bir necha hafta o‘tib sodir bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, mamlakatda 1-oktabr kuni aloqa va internet tizimi to‘liq tiklangan.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 94 foizdan oshgani haqida yozgandi.

Shuningdek