
Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi mavsumiy gul ko‘chatlarini ekish ishlari bilan bog‘liq xarajatlar uchun 10 milliard so‘m mablag‘ ajratish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Qarorga ko‘ra, ajratilgan mablag‘ning 1,82 milliard so‘mi turli obodonlashtirish boshqarmalariga, 8,18 milliard so‘mi esa tumanlar kesimida taqsimlanadi.

Boshqarmalar orasida eng katta summa — 815 million so‘m markaziy maydonlarni obodonlashtirish boshqarmasiga ajratildi. Shuningdek, alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish boshqarmasi 748 million, hukumat obyektlariga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi 190 million va fuqarolarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi 67 million so‘m mablag‘ oladi.
Moliyalashtirish 2025-yil birinchi choragi yakunlari bo‘yicha respublika budjeti daromadlarining ortiqcha bajarilgan qismi hisobidan amalga oshiriladi.
Avvalroq Namanganning Kosonsoy va Norin tumanlariga 100 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi haqida xabar berilgandi.