Toshkent viloyatida ommaviy zaharlanish yuz bergan bog‘chalar 2-oktabrdan ishlaydi

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Toshkent viloyatidagi bir nechta bog‘chada yuz bergan noxush holat yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.
Unda qayd etilishicha, barcha bolalar sog‘ayib, ularning hayoti uchun xavf yo‘qligi to‘liq tasdiqlangan. Davolash jarayoni shifokorlar nazoratida o‘tkazilib, farzandlar oilasiga qaytarilgan.
2-oktabrdan boshlab barcha maktabgacha ta’lim muassasalari odatiy ish tartibida faoliyatini davom ettiradi. Holatni bartaraf etish ishlari Sog‘liqni saqlash vazirligi va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik qo‘mitasi bilan hamkorlikda amalga oshirilgan.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, ayrim bog‘chalarda ovqatlanish xizmatlari xususiy korxonalar orqali autsorsing tizimida tashkil etilgan.
Shartnomalarda sanitariya talablariga qat’iy amal qilish belgilangan bo‘lsa-da, nazorat mexanizmlari yanada kuchaytiriladi. Hozirda voqea tafsilotlari huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birga o‘rganilmoqda. Agar kamchiliklar aniqlansa, tegishli shartnomalar qayta ko‘rib chiqiladi yoki bekor qilinadi.
Nazorat jarayoniga ota-onalar, ekspertlar va jurnalistlardan iborat jamoatchilik komissiyasi ham jalb etiladi. Ularning xulosalari muntazam ravishda jamoatchilikka e’lon qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkent viloyatida ovqatdan zaharlanish bilan murojaat qilgan bolalar soni 1900 dan oshgani haqida yozgan edi.