UzAirways Samarqand — Moskva reysi bo‘yicha tarqalgan xabarlarga izoh berdi

Rossiyaning ayrim ommaviy axborot vositalarida Uzbekistan Airways ekipaji Samarqand — Moskva (Vnukovo) yo‘nalishida belgilangan balandlikni buzgan degan ma’lumotlar tarqaldi. Uzbekistan Airways ushbu xabarlarga izoh berdi.

Unga ko‘ra, parvoz 2025-yil 28-sentabr kuni amalga oshirilgan va unda ekipaj Moskva aerouzeli dispetcherlik xizmatining barcha ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilgan. Havo kemalari o‘rtasidagi zaruriy intervallar saqlangan, barcha eshelonlar qoidalarga muvofiq ta’minlangan.
Shuningdek, havo kemalari yaqinlashayotgani haqida ogohlantiruvchi tizim ishga tushmagan va dispetcherlik xizmati tomonidan Uzbekistan Airways ekipajiga nisbatan hech qanday e’tiroz yoki shikoyat bildirilmadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UzAirways pensiya yoshidagi fuqarolarga 15 foiz chegirma e’lon qilgani haqida yozgandi.