Avto

Yangi AUDI modeli sinovdan o‘tkazildi

Yangi AUDI modeli sinovdan o‘tkazildi / Foto: audi

Germaniyaning Audi kompaniyasi va Xitoyning SAIC Group qo‘shma brendi bo‘lgan AUDI’ning ikkinchi modeli sinovdan o‘tkazildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.

Model yashirin eshik tutqichlari va B-ustunga o‘rnatilgan Face-ID kamera bilan jihozlangan. Kamera avtomobil egasini taniy oladi va eshiklarni avtomatik ochadi.

AUDI brendi 2024-yil noyabrida taqdim etilgan bo‘lib, u klassik to‘rt halqali logotipdan foydalanmaydi. Asosan Xitoy muhandislari tomonidan ishlab chiqiladigan elektr modellarni o‘z ichiga oladi. Birinchi model — AUDI E5 Sportback 2025-yil 16-sentabrda Xitoy bozoriga chiqarilgan. U maksimal 776 ot kuchiga ega bo‘lib, boshlang‘ich narxi 235,900 yuan ($33 ming) qilib belgilangan.

Foto: CarNewsChina

Yangi krossover dizayni iyul oyida ko‘rilgan prototipdan farq qiladi. U endi oddiy yon oynalarga, xrom qoplangan sakkiz qirrali diskalarga va tom spoyleriga ega. Orqa qanotning chap tomonida zaryadlash porti joylashgan, eshik tutqichlari esa tortib olinadigan turga o‘tkazilgan. Old qanotlarda ko‘r joylarni kuzatuvchi kameralar, orqa tomonda esa vertikal elementlarga ega uzluksiz LED chiroq tizimi mavjud.

Foto: CarNewsChina

Mashinaning uzunligi taxminan 5 metr bo‘lib, u Advanced Digitized Platform (ADP) platformasida qurilgan. Platforma 800 voltlik yuqori kuchlanish tizimini qo‘llab-quvvatlaydi. Hozircha uning quvvat uzatish tizimi haqida rasmiy ma’lumot yo‘q, ammo u katta ehtimol bilan E5 Sportback’dagi konfiguratsiyani oladi. Ya’ni, versiyasiga qarab 220 kVt (295 ot kuchi)dan 579 kVt (776 ot kuchi)gacha quvvat bera oladi.

Audi va SAIC vakillari ilgari 2027-yilgacha uchta yangi modelni taqdim etishni rejalashtirganini bildirgan edi. Shunday qilib, Xitoy bozorida keyingi yirik taqdimot 2026-yilda aynan mana shu yangi krossover bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Chery Fulwin T11 uchun 13-oktabrdan oldindan buyurtma qabul qilinishi haqida yozgan edi.