2026-yilgi Jahon chempionati rasmiy toʻpi taqdim etildi

3-oktabr 2025 13:15 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Yangiliklar muharriri m.norqobilov@kursiv.media
Foto: Getty Images

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2026-yilgi Jahon chempionati uchun rasmiy toʻpni namoyish etdi.

Ma’lum qilinishicha, Adidas tomonidan ishlab chiqilgan va Trionda deb nomlangan toʻp musobaqa mezbonlari — Kanada, Meksika va AQShning birdamligini ramziy ifodalaydi. Ispan tilidan olingan Trionda nomi «uch toʻlqin» degan ma’noni anglatadi.

FIFA prezidenti Janni Infantino toʻpni taqdim etar ekan, quyidagicha fikr bildirdi.

“Jahon chempionati rasmiy toʻpi, bu – chinakam sanat asari! Men Trionda’ni taqdim etishdan faxrlanaman. Adidas yana bir bor texnologiya va dizayn uygʻunligini namoyish etdi. Ushbu toʻp uch mezbon mamlakatning birdamligi va ishtiyoqini oʻzida mujassam etgan», dedi Infantino.

Trionda mezbon davlatlar ramzi sifatida Kanada bayrogʻidan qizil, Meksikadan yashil va AQShdan koʻk ranglardan ilhomlangan. Uning geometrik toʻlqinli shakli va toʻrt panelli konstruksiyasi havo harakatida barqarorlikni ta’minlaydi.

Yangi avlod texnologiyalari ichida eng e’tiborlisi — 500 Hz chastotada harakatni aniqlovchi datchik. Bu VAR tizimiga real vaqt rejimida maʼlumot uzatib, ofsayd yoki shubhali vaziyatlarni aniqlashda katta yordam beradi. Shuningdek, maxsus yuzaki ikonlar toʻpning yopishqoqligini oshirib, nam havoda ham oʻyinni qulaylashtiradi.

Ma’lumot uchun, musobaqada 48 terma jamoa ishtirok etadi. Ular 12 guruhga ajratiladi va pleј-off bosqichiga guruhlardagi ilk ikki oʻrin sohiblari hamda eng yaxshi uchinchi oʻrindan 8 jamoa yoʻl oladi. Yangi formatda 1/16 final bosqichi ham joriy etiladi.

Eslatib oʻtamiz, Jahon chempionati 2026-yilning 11-iyun kuni start oladi va 19-iyulgacha davom etadi. Oʻzbekiston milliy terma jamoasi tarixda ilk bor final bosqichiga yoʻllanma olgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilgi Jahon chempionati ramzlari taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek