Britaniya Eronning yadro dasturiga aloqador 71 shaxs va tashkilotga sanksiya joriy qildi

Buyuk Britaniya hukumati Eronning yadro dasturi bilan bog‘liq 71 nafar shaxs va tashkilotni sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi. Bu haqda New Region nashri ma’lum qildi.
Ushbu qaror xalqaro sanksiyalar qayta tiklanganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi. Natijada mazkur shaxs va tashkilotlarning aktivlari muzlatildi.
Sanksiyalar 2019-yilda qabul qilingan qonun asosida joriy etilgan bo‘lib, Eronning xalqaro kompaniyalar orqali cheklovlarni chetlab o‘tishining oldini olishni maqsad qiladi. Qoidalar Eronning yadro quroli va uni yetkazib berish tizimini ishlab chiqishda ishtirok etgan shaxslarning moliyaviy resurslarini bloklashni ko‘zda tutadi.
Ro‘yxatga Eronning yadro dasturi rahbarlari, yirik moliya va energetika kompaniyalari, jumladan, Eron milliy neft kompaniyasi ham kiritilgan. Ularning faoliyati orqali olingan daromadlar Tehronning yadro va raketa dasturlarini moliyalashtirishda ishlatilgani ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, London, Parij, Tokio, Nyu-York, Dubay va Singapur kabi moliya markazlarida joylashgan ayrim xorijiy tashkilotlar ham sanksiyaga tortildi. Buyuk Britaniya hukumati ularni Eronning yadro dasturiga moddiy va moliyaviy yordam ko‘rsatganlikda ayblagan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi esa mazkur qarorni huquqiy jihatdan asossiz va adolatsiz deb atadi. Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya tashqi ishlar vazirlari qo‘shma bayonotida Tehronni muzokaralarga qaytishga chaqirib, sanksiyalar diplomatiyaning yakuni emasligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevrokomissiya Rossiyaga qarshi 19-sanksiyalar paketini ma’qullagan edi.