Chevrolet kompaniyasining ilk avtomobillari qanday bo‘lgan

3-oktabr 2025 17:54 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
chevrolet logo
Chevrolet kompaniyasining ilk avtomobillari qanday bo‘lgan / Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Yigirmanchi asr boshida maydonga chiqqan Chevrolet brendi qisqa vaqt ichida mashhurlikka erishdi. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet kompaniyasining ilk avtomobillari va ularning xususiyatlari haqida so‘z boradi.

Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Tashkil topishi va dastlabki qadamlar

Chevrolet Motor Car Company 1911-yil 3-noyabrda tashkil topdi. Uning asoschilari — shveysariyalik poygachi va muhandis Lui Shevrole hamda General Motors’ning sobiq rahbari Uilyam Dyurant edi. Kompaniya Detroitda ro‘yxatdan o‘tib, ilk zavodini Michigan shtatidagi Flint shahrida ochdi.

Foto: Getty images

Chevrolet nomi Lui Shevrolening mashhurligi evaziga tez tanildi. Kompaniya o‘z avtomobillarida ilg‘or texnologiyalarni qo‘lladi. Masalan, o‘sha davrda keng tarqalgan oddiy dvigatellardan farqli ravishda, Chevrolet motorlari takomillashgan «overhead valve» tizimi bilan ishlab chiqarildi.

Birinchi model: Classic Six

1913-yilda kompaniya o‘zining ilk avtomobili — Chevrolet Series C Classic Sixni ishlab chiqardi. Bu hashamatli, besh o‘rindiqli touring turidagi mashina bo‘lib, 40 ot kuchiga ega 6 silindrli dvigatel bilan jihozlangan edi. Uning maksimal tezligi 105 km/soatga yetardi.

Chevrolet Classic Six / Foto: Vikipediya

Classic Six zamonaviy qulayliklarga ega edi: elektr starter, elektr faralar, yumshoq tom, to‘rt eshik va hatto asboblar qutisi mavjud edi. Narxi esa $2250 bo‘lib, o‘sha davrda bu keng omma uchun juda qimmat hisoblangan. Shu sabab dastlab Chevrolet asosan badavlat mijozlarga xizmat qildi.

Classic Six dizayni

Chevrolet’ning ilk avtomobili — Classic Six dizayni fransuz muhandisi Etienne Planche tomonidan Louis Chevrolet rahbarligida ishlab chiqilgan. Past joylashtirilgan pog‘onalar (running boards) uni o‘sha davr Yevropa avtomobillariga o‘xshatardi.

Mashinaning tashqi ko‘rinishida metall elementlar ko‘zni qamashtirardi: radiator qobig‘i va boshqaruv panelidagi Chevrolet yozuvi jilolangan metall bilan bezatilgan edi. Mashhur «bow-tie» (galstuk shaklidagi) logotip esa hali mavjud emas edi — u faqat 1914-yildan boshlab Chevrolet Series H va L modellari orqali paydo bo‘ldi.

Chevrolet Classic Six / Foto: Chevrolet

Classic Six korpusi, shassisi va g‘ildiraklari «Chevrolet ko‘k» rangida bo‘yalgan bo‘lsa, kapot, qanotlar va himoya qopqoqlari qora rangda tayyorlangan. Korpus va g‘ildiraklarda esa nozik och kulrang chiziqlar chizilgan edi.

Birinchi prototip 1911-yil oxirida tayyor bo‘ldi va uni Louis Chevrolet shaxsan Detroit shahrining orqa ko‘chalarida sinovdan o‘tkazdi. 1912-yil davomida dizaynga bir qator o‘zgartirish va takomillashtirishlar kiritildi. Shu yilning oxirida esa yangi model keng jamoatchilikka taqdim etilib, 1913-yilgi Nyu-York avtosalonida ilk bor namoyish qilindi.

Chevrolet Series 490

Classic Six bozorda o‘z o‘rnini topgan bo‘lsa-da, qimmatligi sabab Chevrolet strategiyasini o‘zgartirdi. 1915-yilda taqdim etilgan Chevrolet Series 490 narxi atigi $490 bo‘lib, oddiy oilalar ham sotib olishi mumkin edi.

Chevrolet Series 490 / Foto: Vikipediya

Arzon bo‘lishiga qaramay, bu model 24 ot kuchiga ega 2,8 litrli dvigatel bilan ishlab chiqarildi va o‘z davri uchun yetarli qulayliklarga ega edi. 1917-yilda modifikatsiya qilinib, haydovchi tomondagi eshik, yaxshilangan oynalar va elektr tizimlari qo‘shildi. Series 490 qisqa vaqt ichida katta muvaffaqiyat qozondi — 1917-yilda 60 mingdan ortiq mashina sotildi.

Chevrolet Series 490 va OHV dvigateli

Barcha Chevrolet 490 avtomobillari faqat bitta dvigatel bilan taqdim etilgan edi — 171 kub dyuym (2,8 litr) hajmli, 24 ot kuchiga ega Overhead Valve (OHV) to‘rt silindrli motor. Ushbu dvigatel Chevrolet uchun asosiy kuch manbai bo‘lib, 1929-yilda mashhur «Stovebolt» oltita silindrli dvigatel paydo bo‘lguniga qadar asosiy rol o‘ynadi.

Chevrolet Series 490 / Foto: Ochiq manbalar

Chevrolet asoschisi Uilyam «Billy» Dyurant OHV dvigatelining ashaddiy tarafdori edi. Chunki aynan shu texnologiya uning ilgari egallagan kompaniyasi Buickning muvaffaqiyat kaliti bo‘lgan.

Chevrolet va Ford raqobati

Ford o‘zining Model T avtomobili bilan bozorni zabt etgan edi. Ammo Chevrolet tezda unga raqobatchi bo‘lib chiqdi. Model 490 muvaffaqiyati Ford’ni Model T narxini tushirishga majbur qildi.

Chevrolet’ning yildan-yilga yangilanib boruvchi modellari xaridorlar orasida mashhurlik qozondi. Ford uzoq yillar davomida bir xil Model T ishlab chiqargan bo‘lsa, Chevrolet yangi dizaynlar, qulayliklar va turli rangdagi avtomobillarni taklif etdi.

1920-yillardagi yuksalish

1920-yillarda Chevrolet General Motors tarkibiga qo‘shildi va kompaniyaning «xalq avtomobili» brendi sifatida rivojlana boshladi. Chevrolet Superior, Series AA Capitol va Series AB National kabi modellar chiqarildi.

Foto: Chevy Hardcore

1929-yilda Chevrolet o‘zining mashhur 6 silindrli «Stovebolt Six» dvigatelini taqdim etdi. Bu dvigatel kompaniyaga katta ustunlik berdi, chunki Ford hanuz 4 silindrli avtomobillar bilan cheklanib qolgan edi. Natijada, Chevrolet 1929-yilda sotuv hajmi bo‘yicha AQShda Ford’ni ortda qoldirdi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Chevrolet avtomobil sanoatidagi eng yirik o‘yinchilardan biriga aylandi. Urush davrida kompaniya ko‘proq harbiy texnika ishlab chiqargan bo‘lsa, 1945-yildan keyin e’tiborini tezlikda tinchlik davriga mos bozor uchun avtomobillar yaratishga qaratdi. Aholi orasida yangi mashinalarga talab nihoyatda yuqori edi, chunki ko‘plab odamlar urush yillarida yangilangan avtomobil sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lmagan. Chevrolet bu ehtiyojni sezib, qisqa vaqt ichida zavodlarini qayta moslashtirdi va seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Chevrolet kompaniyasi avtomobillarini dunyo bo‘ylab juda ko‘p mamlakatlarda sotadi. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda, Chevrolet 140 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yuritgan.

Avvalroq Chevrolet avtomobillarining yonilg‘i iste’moli haqida yozgan edi.

Shuningdek