
Prezident farmoni bilan tasdiqlangan nizomga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga tanlovda ishtirok etayotgan nomzodlarning test sinovlaridan o‘tish tartibi aniq belgilandi.
Test sinovlarida aloqa vositalari, kitob yoki shporgalkalardan foydalanish, boshqa nomzodlar bilan gaplashish va sinov tugamasdan xonani tark etish qat’iyan taqiqlanadi. Qoidalarni buzgan nomzodlar tanlovdan chetlashtiriladi va uch oy davomida qayta ishtirok eta olmaydi.
Testdan kamida 56 ball to‘plagan nomzod keyingi bosqichga o‘tadi. Shuningdek, test sinovlaridan olingan ijobiy natija olti oy davomida amal qiladi va boshqa vakant lavozimlar bo‘yicha tanlovlarda ham hisobga olinadi.
Mazkur tartib nomzodlar uchun teng sharoit yaratish, tanlov jarayonini shaffof va adolatli o‘tkazishni ta’minlashga xizmat qiladi. Mutaxassislar fikricha, natijalarni olti oy davomida saqlash tizimi ishtirokchilarning imkoniyatlarini kengaytirib, davlat xizmatiga malakali kadrlarni jalb etishga yordam beradi.
Ma’lumot uchun, hozirda davlat tashkilotlarida 3 381 ta vakant ish o‘rni uchun ochiq tanlov davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Volkswagen zavodi o‘zbekistonliklarni ishga taklif qilgani haqida xabar bergan edik.