Yangiliklar

Etihad Airways O‘zbekistonga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi

Etihad Airways kompaniyasi Abu-Dabi – Toshkent – Abu-Dabi yo‘nalishida doimiy parvozlarni amalga oshiradi
«Etihad Airways» Toshkentga muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘yadi / Foto: Ochiq manbalar

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)ning yirik aviakompaniyasi Etihad Airways O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlarni amalga oshirish uchun ruxsatnoma oldi.

«O‘zaviatsiya» agentligining ma’lum qilishicha, bu qaror 1998-yil 17-noyabrda imzolangan O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi havo qatnovi to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitim asosida qabul qilingan. Unga ko‘ra, Etihad Airways kompaniyasi Abu-Dabi – Toshkent – Abu-Dabi yo‘nalishida doimiy parvozlarni amalga oshiradi.

Mazkur qatnovlar zamonaviy Airbus A320-232/251N hamda Airbus A321-231/251N/251NX samolyotlarida bajarilishi rejalashtirilgan.

Etihad Airways’ning Toshkentga kirib kelishi O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi turizm, savdo hamda iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Uzbekistan Airways 15-sentabr kungi Nukus – Toshkent reysi jadvali o‘zgarganini e’lon qilgani haqida yozgan edi.