
FIFA prezidenti Janni Infantino O‘zbekiston va Ozarbayjonni FIFA U-20 Jahon chempionati mezbonligi bilan tabrikladi. Bu haqda u o‘zining Instagram sahifasida ma’lum qildi.
«Ushbu ikki futbolsevar mamlakatni Jahon chempionati mezbonligi bilan qutlayman. Oʻzbekiston va Ozarbayjon yirik miqyosdagi turnirlarni oʻtkazish boʻyicha katta tajribaga ega. Xususan, Oʻzbekiston oʻtgan yili oʻtkazilgan FIFA Futzal Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etdi», dedi Infantino.
25-bor o‘tkaziladigan ushbu yoshlar Mundiali millionlab futbol muxlislarining e’tibor markazida bo‘lishi kutilmoqda. Musobaqa nafaqat futbolni rivojlantirishga, balki ikki davlatning xalqaro nufuzini oshirishga ham xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fabio Kannavaro O‘zbekiston terma jamoasining yangi bosh murabbiyi bo‘lishi haqida yozgan edik.