Ilon Mask qatnashadigan Xalqaro astronavtika kongressi O‘zbekistonda o‘tkaziladi

Markaziy Osiyoda ilk bor nufuzli International Astronautical Congress (IAC-2028) Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadi. Bu haqdagi qaror Sidneydagi kongressda qabul qilindi, deya xabar berdi O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov.
«Albatta, Hindiston va Bahrayn kabi davlatlar bilan ushbu tanlovda raqobat qilib, yutish oson bo‘lmadi. Olti yuz yil avval Mirzo Ulug‘bek observatoriya va madrasa qurib Samarqandni ilm-fan markaziga aylantirgan bo‘lsalar, 2028-yilda kosmos yo‘nalishidagi dunyoning eng katta tadbiri Samarqandda o‘tishi, albatta, uchinchi renessans asosini boshlab bergan prezidentimiz tomonlaridan olib borilayotgan ishlarning dunyo hamjamiyati tomonidan o‘ziga xos e’tirofidir», — deya qayd etgan vazir.
Mazkur tadbir 10 mingdan ortiq mehmonlarni jalb etishi, xalqaro ko‘rgazmalar o‘tkazilishi va iqtisodiyotga katta foyda keltirishi kutilmoqda. Shermatov misol sifatida Avstraliyada o‘tgan kongress mamlakat iqtisodiyotiga $27 milliondan ortiq daromad olib kelganini ta’kidlagan.
Bundan tashqari, ushbu kongressga mezbonlik qilgan boshqa davlatlar ham sezilarli foyda ko‘rgan. Xususan, BAAda milliy kosmik fan markazi ochildi, Avstraliyada milliy kosmik agentlik tashkil etildi, Fransiya esa global yetakchi sifatidagi mavqeini mustahkamladi.
Ma’lumot uchun, Ilon Mask ushbu kongressning 2023-yil Bokuda, 2017-yil Avstraliyada va 2016-yil Meksikada o‘tkazilgan tadbirlarida ishtirok etgan.