Italiyada G‘azo flotiliyasi uchun umumxalq ish tashlash namoyishi o‘tkazildi

Italiya bo‘ylab yuz minglab odamlar G‘azoga insonparvarlik yordamini olib borayotgan flotiliya kemalarini Isroil to‘xtatib qolganiga norozilik sifatida ko‘chalarga chiqdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
CGIL va USB kasaba uyushmalari tashabbusi bilan 100 dan ortiq shaharda ish tashlash va namoyishlar o‘tkazildi.
Rimda 300 mingga yaqin odam qatnashgan yurishlarda Falastin bayroqlari va turli shiorlar ko‘tarildi. Milan, Neapol va boshqa yirik shaharlarda ham o‘n minglab odamlar ishtirok etdi. Namoyishlar tufayli temiryo‘llarda kechikishlar, ayrim shaharlar atrofida avtomagistrallar yopilishi kuzatildi, Milanda esa politsiya bilan to‘qnashuv bo‘ldi.

«Bu oddiy ish tashlash emas, biz insoniylikni himoya qilish va genotsid siyosatiga qarshi ovozimizni ko‘tarish uchun yig‘ildik», dedi CGIL rahbari Mauritsio Landini.
Italiya hukumati ish tashlashni tanqid qilib, bosh vazir Jorjiya Meloni uni «dam olish kunini cho‘zish bahonasi» deb atadi. Shunga qaramay, Falastin tarafdori namoyishlar hafta davomida davom etishi va Rimda katta miting bilan yakunlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevrokomissiya Isroilga moliyaviy yordamni ikki yilga to‘xtatgani haqida xabar bergan edik.