
Aralash jang sanʼati yulduzi Konor Makgregor uzoq tanaffusdan soʻng oktagonga qaytadi. U 2026-yil iyun oyida AQShning 250 yilligiga bagʻishlab Oq uyda oʻtkaziladigan tarixiy UFC turnirida amerikalik Maykl Chendlerga qarshi jang qiladi.
«Shartnoma imzolandi va tasdiqlandi. Bu jang men uchun katta imkoniyat, uni qoʻldan chiqarmayman», — dedi Makgregor Fox News telekanaliga bergan intervyusida
Sobiq ikki vazn toifasi bo‘yicha chempioni (66 va 70 kg) tayyorgarlikka kirishganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, jangga sakkiz oy qolgani bois, olti oylik mashgʻulot yetarli boʻladi.
«Men diqqatimni faqat tayyorgarlikka qarataman. Bu jangga koʻp narsa tikilgan», — deya taʼkidladi Makgregor.
Oq uyda UFC musobaqasining oʻtkazilishi tarixida ilk bor kuzatiladi. Tadbir AQShning 250 yilligiga bagʻishlangan boʻlib, UFC prezidenti Dana Uayt Makgregorni turnirning asosiy yulduzi sifatida koʻrishini aytgan edi.
Maʼlumot uchun, sportchi soʻnggi marta 2021-yilda Dastin Poryega qarshi jang qilgan va oyogʻidan jarohat olib, texnik nokaut evaziga yutqazgan edi. U faoliyati davomida 28 ta jang oʻtkazib, 22 gʻalaba va 6 magʻlubiyat qayd etgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ramazon Temirov qachon oktagonga qaytishi maʼlum boʻlgani haqida xabar bergan edi.