Banklar va moliya

Mikromoliya tashkilotlari bo‘yicha o‘rtacha stavka 60,2 foizni tashkil etdi

Yanvar – iyun oylarida ajratilgan kreditlar hajmi 13,3 trln so‘mga yetdi
Markaziy bank 9 ta bank va 6 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi
Markaziy bank 9 ta bank va 6 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortdi / Foto: Kursiv Uzbekistan

Markaziy bank 2025-yilning birinchi yarmida mikromoliya tashkilotlari (MMT) va lombardlar faoliyatiga oid tahlil natijalarini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, yanvar – iyun oylarida ajratilgan kreditlar hajmi 13,3 trln so‘mga yetib, o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 2,1 barobar oshgan.

Umumiy kreditlarning 90 foizi (12 trln so‘m) MMTlarga, 10 foizi (1,3 trln so‘m) esa lombardlarga to‘g‘ri keldi. Kreditlar, asosan, jismoniy shaxslarga yo‘naltirilgan bo‘lib, ular umumiy hajmning 97 foizini (12,8 trln so‘m) tashkil etdi. Yuridik shaxslarga ajratilgan mablag‘ esa 417 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Iyun oyida jismoniy shaxslar uchun mikroqarzlar stavkalari 36 – 109,5 foiz oralig‘ida shakllanib, o‘rtacha yillik 59,9 foizni tashkil etdi. Yuridik shaxslar uchun bu ko‘rsatkich 41 – 60 foiz bo‘lib, o‘rtacha stavka 50,9 foizni qayd etdi.

Shuningdek, bozorda MMTning obligatsiyalari ham faol muomalada bo‘lib, ular 27 – 29 foiz daromadlilikni taklif qilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bank 9 ta bank va 6 ta mikromoliya tashkilotini jarimaga tortgani haqida yozgandi.