Oʻzbekistonga davolanish uchun 62 mingdan ortiq chet el fuqarosi kelgan

2025-yil yanvar – avgust oylarida 62 mingdan ortiq chet el fuqarolari davolanish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurgan. Bu haqda Milliy statistika qoʻmitasi ma’lum qildi.
Ularning eng ko‘pi Tojikistondan boʻlib, 44,2 ming nafardan ortiq bemor O‘zbekiston tibbiyot xizmatidan foydalanish uchun kelgan. Shuningdek, Qirgʻiziston (10,4 ming), Qozogʻiston (5,5 ming) va Rossiyadan (1,3 ming) ham bemorlar koʻp tashrif buyurgan.
Shu bilan birga, Afg‘oniston, Turkmaniston kabi qo‘shni davlatlar, bundan tashqari, Turkiya, AQSh, Xitoy va Ukraina kabi uzoq davlatlardan ham Oʻzbekistonga davolanish uchun kelgan xorijliklar bor.
Bundan avval Farg‘onada kuvaytlik shifokorlar murakkab jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishi haqida xabar berilgandi. Unga ko‘ra, Kuvayt Jarrohlik kengashi prezidenti, Adan hospital shifokori Muhammad al-Kandari Farg‘onaga tashrif buyurdi. U viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashuvda tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar va xalqaro hamkorlik masalalarni muhokama qilgan. Shuningdek, Kuvaytning Adan shifoxonasi hamda Jarrohlik kengashi Farg‘onadagi CAMU – Xalqaro tibbiyot universiteti va Meridian klinikasi bilan hamkorlikni boshlamoqda.