
Qoraqalpog‘istonda tadbirkorning auksion orqali olgan yeriga qo‘yilgan taqiq olib tashlandi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.
Unga ko‘ra, Ellikqal’a tumanida tadbirkor auksion orqali qo‘lga kiritgan yer uchastkasidan foydalanishda muammoga duch kelgan. U yerni davlat ro‘yxatidan o‘tkazib, qurilish ishlarini boshlamoqchi bo‘lganida, uchastkaga taqiq qo‘yilgani ma’lum bo‘ldi.
Sababi, tuman hokimligining qarzdorligi sababli MIB hokimlikka tegishli barcha mulklarga, jumladan, auksionda sotilgan ushbu yerga ham taqiq qo‘ygandi. Bu esa tadbirkor faoliyatini yo‘lga qo‘yishga to‘sqinlik qildi.
Tadbirkor Biznes-ombudsman devoniga murojaat qilgach, masala hal etildi. Natijada, yagona elektron savdo maydonchasi orqali yutib olingan ushbu yer uchastkasiga qo‘yilgan barcha taqiqlar olib tashlandi.
Biznes-ombudsman xabariga ko‘ra, bu qaror tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini himoya qilish hamda erkin faoliyat yuritishlari uchun sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tadbirkor va qurilishdagi korrupsion holatlar yuzasidan so‘rovnoma o‘tkazilayotgani haqida yozgandi.