
Tesla’ning uchinchi chorakdagi sotuvlari rekord darajaga yetdi. Iyul – sentabr oylarida kompaniya dunyo bo‘ylab 497,099 ta avtomobil sotdi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
Bu o‘tgan yilning uchinchi choragiga nisbatan 7% va ikkinchi chorakka nisbatan 29% ko‘pdir. Sotuvlarning oshishi, asosan, 30-sentabrda tugagan $7,5 minglik federal soliq imtiyozi sabab bo‘ldi.
Ushbu o‘sish Tesla aksiyalarini dastlabki savdoda 2% ga ko‘tarib, CEO Ilon Maskning sof boyligini qisqa muddatga $500,8 mlrdga yetkazdi. Ammo tushdan keyin aksiyalar 4% ga tushib, Maskning boyligi $490 mlrdga kamaydi.
Tesla global bozor ulushini boshqa avtomobil ishlab chiqaruvchilar, xususan, Xitoy kompaniyalari, asta-sekin tortib olishmoqda. BYD kompaniyasi yil boshidan beri dunyo bo‘ylab 1,6 mln elektromobil sotib, Tesla’ning 1,2 mln avtomobil sotuvini ortda qoldirishga yaqinlashmoqda.
Shuningdek, boshqa ishlab chiqaruvchilar, jumladan, General Motors, Ford va Hyundai, AQSh bozorida elektromobil sotuvlarini sezilarli darajada oshirdi. Hyundai hatto IONIQ 5 modelining narxini pasaytirib, raqobatbardoshligini kuchaytirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tesla asoschisi Ilon Mask Marsda yashash va hayotini shu sayyorada yakunlashi mumkinligini aytgan edi.