
Freedom Holding Corp. bosh ijrochi direktori Timur Turlov Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan Digital Bridge forumi doirasidagi panel muhokamasida chiqish qilib, ekotizimlar tibbiyot va ta’lim sohalarida ijtimoiy jihatdan tobora muhimroq rol o‘ynayotganini ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ekotizimlar ushbu ikki yo‘nalishda asosiy ehtiyojlarni qoplashga yordam bermoqda. Turlov inson kapitalini rivojlantirishga turtki beradigan raqamlashtirish va yangicha g‘oyalar zarurligini qayd etdi.
Hozirda xolding ishlab chiqayotgan super-ilova tarkibida sog‘liqni saqlash xizmatlari va raqamli klinika ham bo‘ladi.
«Biz, shubhasiz, odamlarga yo‘nalishni aniqlashga va qaysi shifokorga, umuman kimga murojaat qilishi kerakligini tushunishga yordam beradigan sun’iy intellekt yordamchilaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishini juda xohlaymiz», — dedi Turlov.
Shuningdek, u yangi ilova shifokorlarga ham yordam berishini, bemorlarni tekshirishda qo‘llab-quvvatlashini va qog‘ozbozlikni kamaytirishini bildirdi.
Turlov xoldingning boshqa loyihalariga ham to‘xtalib o‘tdi. U kompaniya Qozog‘istonning Ed-Tech kompaniyasi Bilim Media bilan hamkorlikda maktab ekotizimi — elektron kundalik va raqamli yordamchi loyihasini amalga oshirayotganini aytdi.
Bundan avval Pavel Durov Ostonada sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilishini e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi bir necha oy ichida Telegram blokcheyn va sun’iy intellektni kesib o‘tishning yangi texnologiyasi ustida ishlagan, bu esa bir milliarddan ortiq odamga markazlashmagan kompyuter tizimi tomonidan xususiy shaffof tartibda ishlab chiqariladigan sun’iy intellekt funksiyalaridan foydalanish imkonini beradi.