Yangiliklar

Umra haqida litsenziyasiz reklama tarqatgan turfirmalar jarimaga tortildi

Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida
Umra
Umra haqida litsenziyasiz reklama tarqatgan turfirmalar jarimaga tortildi. Foto: Pexels.com

Farg‘ona, Andijon va Buxoro viloyatlarida Umra haqida litsenziyasiz reklama tarqatgan fuqaro va turfirmalar aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Xususan, Farg‘onada fuqaro o‘zining Telegram sahifasida litsenziyasiz safar xizmatlarini reklama qilgani ma’lum bo‘ldi. Mazkur holat yuzasidan hujjatlar sudga yuborildi.

Andijonda esa «Abu Zubayr travel» MChJ litsenziyasiz faoliyat yuritib, reklama tarqatgani uchun unga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, moliyaviy jarima belgilandi.

Shunga o‘xshash yana bir holat Buxoro viloyatida aniqlandi. Unda «Sokin turizm Bukhara» MChJ hujjatlarsiz reklama tarqatgani uchun jarimaga tortildi va qonun talablariga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Bundan avval Andijon shahridagi «Ih­los Travel1» MChJ faoliyatida ham qonun buzilish holatlari aniqlangandi. Unga ko‘ra, agentlik belgilangan «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha litsenziya talablarini buzgan. Shu sababli 2024-yil 21-noyabr kuni berilgan 10-sonli litsenziya amal qilish muddati 10 kunga to‘xtatildi.