
25-sentabr kuni Xitoyda taqdim etilgan Xiaomi 17, 17 Pro va 17 Pro Max smartfonlari yaqin kunlarda O‘zbekiston bozoriga kirib keladi. Toshkentdagi smartfonlar bozori sotuvchilariga ko‘ra, birinchi partiyalar oktabr oxiri – noyabr boshlarida kutilmoqda.
Narxlar:
O‘zbekistondagi taxminiy narxi:
Model | $ narx |
---|---|
Xiaomi 17 (256 GB) | $900 – 1000 |
Xiaomi 17 Pro | $1100 |
Xiaomi 17 Pro Max | $1300+ |
Xitoydagi narx:
Model | $ narx |
---|---|
Xiaomi 17 | ~$550 |
Xiaomi 17 Pro | ~$690 |
Xiaomi 17 Pro Max | ~$960 |
Narxlardagi farq import xarajatlari va bojxona to‘lovlari bilan bog‘liq.
Texnik tafsilotlar
Yangi Xiaomi 17 seriyasi kuchli texnologiyalar bilan jihozlangan. Oddiy model Snapdragon 8 Gen 4 protsessorida ishlaydi, 120 Hz yangilanish tezligiga ega AMOLED displey bilan ta’minlangan va 5000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. Bu telefonni uzoq vaqt quvvatlashsiz ishlatish mumkin qiladi.

Pro va Pro Max versiyalarida kamera tizimi kuchaytirilgan bo‘lib, optik stabilizatsiya (OIS) bilan birga yanada aniq va ravshan surat olish imkonini beradi. Ushbu modellarda tezkor zaryadlash ham qo‘llab-quvvatlanadi, bu esa foydalanuvchilarning vaqtini tejaydi. Tezkor xotira hajmi esa 16 GB gacha yetadi, bu og‘ir dasturlarni ham bemalol ishlatish imkonini beradi. Pro Max versiyasi orqa tomonida qo‘shimcha displey bilan ajralib turadi. U bildirishnomalarni ko‘rsatish va kamera boshqaruvi uchun mo‘ljallangan.
Bozorga chiqish ssenariysi

Toshkentdagi sotuvchilarning aytishicha, O‘zbekistonga birinchi partiyalar kichik hajmda olib kelinadi. Shu sababli dastlab narxlar yuqoriroq bo‘lishi mumkin. Import xarajatlari va bojxona to‘lovlari ham narxga sezilarli ta’sir qiladi. Rasmiy do‘konlarda va bozorda narxlarning farqli bo‘lishi kutilmoqda. Talab yuqori bo‘lsa, ilk haftalarda narx yanada oshishi ehtimoldan xoli emas.
iPhone 17 bilan taqqos
Yangi Xiaomi 17 seriyasi asosiy raqobatchisi sifatida iPhone 17 bilan solishtirilmoqda. O‘zbekistonda 256 GB hajmli iPhone 17 hozirda taxminan 9,65 mln so‘m turadi. Apple flagmani A19 Bionic protsessori bilan jihozlangan bo‘lsa, Xiaomi 17’da Snapdragon 8 Gen 4 ishlaydi.

Ikkala model ham 120 Gts OLED/AMOLED displeyga ega. iPhone videoyozuv sifatiga katta e’tibor qaratadi, Xiaomi esa ko‘p modulli kameralar va qo‘shimcha funksiyalarni taklif etadi. Batareya masalasida Xiaomi ustun — 5000 mA/soat sig‘imli akkumulyator va tezkor zaryadlash iPhone’dan afzalroq imkoniyat beradi. Apple esa o‘zining iOS optimizatsiyasi bilan samaradorlikni saqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 Ultra’da yangi maxfiylik funksiyasi paydo bo‘lgani haqida yozgan edi.