
30-sentabr kuni Xitoyning Shandun viloyatida Xiaomi SU7 egasi mashinasini uy tashqarisida qo‘yib ketganida, avtomobil to‘satdan o‘zidan o‘zi harakatlana boshladi. Voqea ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqalib, Xiaomi avtomobili to‘satdan yurib ketdi xeshtegi ostida muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Kuzatuv kameralari yozuviga ko‘ra, mashina turarjoy oldida qo‘yilgan paytda egasi va yonida bo‘lgan ayol uy ichida bo‘lgan. Videoda avtomobil ishga tushib oldinga qarab ketayotgani, ayol esa vahima bilan qichqirgani va egasining tashqariga yugurib chiqqani aks etgan.
Avtomobil egasi Xiaomi mijozlarga xizmat ko‘rsatish markaziga darhol murojaat qilgan. Dastlabki tushuntirishlarda telefon orqali tasodifiy masofadan ishga tushirish ehtimoli tilga olingan. Biroq egasi bu versiyani rad etib, telefonidan foydalanmaganini aytib, to‘liq videoni e’lon qildi.
Keyinchalik tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, tizim jurnallari voqea vaqtida egaga tegishli Apple qurilmasidan Remote Parking Assist (RPA) buyrug‘i yuborilganini ko‘rsatgan. Bu funksiya smartfon ilovasi orqali mashinani avtoparkovkadan chiqarish yoki kiritishga imkon beradi. Mutaxassislar esa tizimda haydovchi o‘rinda bo‘lmagan paytda avtomobil harakatlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun qo‘shimcha xavfsizlik mexanizmlari bo‘lishi kerakligini ta’kidlashmoqda.
Hodisa so‘ngida aqlli avtomobillarda masofadan boshqaruv imkoniyatlarining qulayligi bilan birga, ishonchli xavfsizlik tizimlari va ochiq-oshkora ma’lumot berish zarurati haqidagi bahslar kuchaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xiaomi 17 seriyasi atigi ikki kunda milliondan ortiq sotilgani haqida yozgan edi.