
Italiyalik murabbiy Fabio Kannavaro Oʻzbekiston milliy terma jamoasini boshqarishi deyarli aniq boʻldi. Yevropa matbuotida tarqalgan xabarlarga koʻra, 52 yoshli mutaxassisning yiliga oladigan maoshi murabbiylar shtabi xarajatlari bilan birga taxminan 4 million yevroni tashkil etadi.
Manbalarga koʻra, Kannavaro Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan dastlab bir yillik shartnomaga kelishgan. Agar Oʻzbekiston terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatida muvaffaqiyat qozonsa, kelishuv avtomatik tarzda uzaytirilishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Italiya matbuotida Kannavaroning ukasi Paolo Kannavaro ham murabbiylar shtabiga qoʻshilishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
2006-yilda Jahon chempioni boʻlgan italiyalik murabbiy dastlab Italiya yoki boshqa Yevropa terma jamoasidan taklif kutgani sababli Markaziy Osiyo variantiga tezda rozi boʻlmagan. Biroq yakunda Oʻzbekiston futboli taklifi ustun keldi. Qayd etilishicha, unga Qozogʻiston terma jamoasidan ham qiziqish boʻlgan.
Sports.ru ma’lumotiga koʻra, Fabio Kannavaro 4 million yevro maoshi bilan jahonning eng koʻp haq oladigan milliy terma jamoa murabbiylari orasida 4-oʻrinni egallaydi.
Reytingda birinchi oʻrinda Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Karlo Anchelotti (9,5 mln yevro), undan keyin Angliya ustoz Tomas Tuxel (5,9 mln yevro) va Germaniya murabbiyi Yulian Nagelsmann (4,9 mln yevro) qayd etilgan. Portugaliya terma jamoasini boshqarayotgan Roberto Martines ham yiliga 4 mln yevro oladi. Fransiya murabbiyi Didye Desham esa 3,8 mln yevro bilan ulardan keyin turadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilgi Jahon chempionati rasmiy toʻpi taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.