Yangiliklar

Yevroparlament Rossiya nefti importiga 2026-yildan chek qo‘yishi mumkin

Shuningdek, 2027-yildan boshlab Rossiyadan gaz importi ham to‘liq to‘xtatilishi ko‘zda tutilmoqda
Yevropa Ittifoqi
Foto: OCED

Yevropa parlamentining sanoat qoʻmitasi 16-oktabr kuni RePowerEU reglamentiga oʻzgartirishlar kiritish masalasini muhokama qilib, ovozga qoʻyishi kutilmoqda. Ushbu tashabbusning asosiy maqsadi Yevropa Ittifoqining Rossiya energiya manbalariga qaramligini keskin kamaytirishdir.

Bloomberg manbalarining yozishicha, agar taklif qabul qilinsa, 2026-yil yanvaridan boshlab Rossiya nefti va neft mahsulotlari Yevropa bozoriga umuman kiritilmaydi.

Shuningdek, 2027-yildan boshlab Rossiyadan gaz importi ham toʻliq toʻxtatilishi koʻzda tutilmoqda. Ilk reja boʻyicha Yevropa Ittifoqi Rossiya xomashyosidan 2027-yil oxirigacha bosqichma-bosqich voz kechishi kerak edi.

Taklifga koʻra, qisqa muddatli shartnomalar 2026-yil 15-iyungacha, uzoq muddatlilari esa 2027-yil 1-yanvargacha amalda qoladi. Shu bilan birga, agar Vengriya va Slovakiyaga «Drujba» quvuri orqali yetkazib berilayotgan Rossiya nefti toʻxtatilmasa, unga qoʻshimcha bojlar joriy etilishi mumkin.

Bloomberg tahlilchilariga koʻra, 2026-yil ikkinchi yarmidan boshlab jahon bozorida gaz profitsiti yuzaga kelishi kutilmoqda. Bu esa YI uchun Rossiya gazi va neftidan voz kechish jarayonida narxlarning keskin oshib ketishi xavfini kamaytiradi va siyosiy qoʻllab-quvvatlashni kuchaytiradi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Ittifoqi yangi sanksiyalar paketida rossiyaliklarga viza cheklovini kiritishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.