Yangiliklar

AQShda shatdaun bir necha haftagacha cho‘zilishi mumkin — OAV

Siyosiy tomonlar o‘zaro kelishuvga erisha olmayapti, murosaga oid muzokaralar esa deyarli olib borilmayapti
Foto: Freepik

AQSh hukumati faoliyatining to‘xtab qolishi bir necha haftagacha davom etishi mumkin. France Press agentligining yozishicha, siyosiy tomonlar o‘zaro kelishuvga erisha olmayapti.

«Ehtimol, bu shatdaun kunlar emas, haftalar davom etadi. Tomonlar qarama-qarshilikda qolgan va murosaga erishish haqida gaplar yo‘q», deya ta’kidladi AQSh Senatidagi demokratlar yetakchisining sobiq matbuot kotibi Endryu Koneshyuski.

1-oktabrdan AQShda yangi moliyaviy yil boshlangan, biroq Kongress budjetni vaqtida tasdiqlamagan. Natijada hukumatning bir qismi ish faoliyatini to‘xtatgan. Bu holat shatdaun deb ataladi va AQShda bunday vaziyat birinchi marta yuz berayotgani yo‘q.

Prezident Donald Tramp ushbu jarayonni «keraksiz dasturlardan xalos bo‘lish» imkoniyati sifatida ko‘rmoqda. Unga ko‘ra, budjet bo‘yicha muammolarga demokratlarning pozitsiyasi sabab bo‘lgan. Tramp, shuningdek, bu davrda ayrim davlat dasturlarini qisqartirish va xodimlarni ishdan bo‘shatish rejasini ilgari surgan.

Respublikachilar hozircha demokratlar yon berishiga umid qilmoqda. Kaliforniyalik sobiq amaldor Jeff Li esa oktabr oxiriga borib ikki partiya o‘rtasida vaqtinchalik kelishuv tuzilishi mumkinligini prognoz qildi.

Oq uyning Milliy iqtisodiy kengashi rahbari Kevin Hassett agar shatdaun davom etsa, bu har haftada $15 milliard miqdorida YIM yo‘qotishlari va ish o‘rinlari qisqarishiga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh hukumati budjet kelishmovchiligi sababli faoliyatini to‘xtatgani haqida yozgandi.