Fond bozori: «Hamkorbank» aksiyalari yana qimmatlashdi, yuqori likvidli aksiyalar qatori kengaydi

«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)da joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 26-sentabrdan 3-oktabrgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 0,49 foizga o‘sdi.
Ushbu davrda yuqori likvidli aksiyalar ro‘yxatida biroz o‘zgarish yuz berdi. «Turonbank» va «Qo‘qon mexanika zavodi» aksiyalari olib tashlandi. O‘z navbatida, ro‘yxatga «O‘zsanoatqurilishbank», «Biznesni rivojlantirish banki», «Trastbank», «Garant bank», «Dori-Darmon», «Qashqadaryo texnologik transport» va «UzAuto Motors» aksiyalari qo‘shildi.
O‘tgan hafta mobaynida «Hamkorbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 16,48 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Biznesni rivojlantirish banki» (+11,42%) va «O‘zsanoatqurilishbank» (+7,58%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalari 16,08 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Kvarts» (-7,14%) va «Olmaliq KMK» (-4,08%) aksiyalari ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «UzAuto Motors» va «O‘zbektelekom» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Yuqori likvidli aksiyalardan 15 tasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz, qolgan 12 tasi salbiy natija bilan yakunladi.
Bundan oldin «Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 19-sentabrdan 26-sentabrgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 1,46 foizga pasaygani haqida xabar berilgandi.
Mazkur davrda «Hamkorbank» aksiyalari eng katta o‘sishga erishib, 11,22 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «O‘zbekneftgaz» (+8,89%) va «O‘zRTXB» (+7,29%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.