Tayinlanganiga bir oy ham bo‘lmagan Fransiya bosh vaziri iste’foga chiqdi

Fransiya bosh vaziri Sebasten Lekornyu iste’foga chiqdi. Bu haqda BBC BFM telekanaliga tayanib xabar berdi.
Xabar qilinishicha, Emmanuel Makron iste’foni qabul qilgan. Yelisey saroyi matbuot xizmati ham ushbu ma’lumotni tasdiqladi.
39 yoshli Lekornyu 9-sentabr kuni bosh vazir etib tayinlangan edi. U avvalgi hukumatda mudofaa vaziri lavozimida ishlagan. Shu tariqa Lekornyu atigi bir oydan kamroq vaqt bosh vazir bo‘lib faoliyat yuritdi. Le Figaro ta’kidlashicha, bu Fransiyaning yangi tarixidagi eng qisqa bosh vazirlik muddati bo‘ldi.
So‘nggi ikki yil ichida mamlakatda beshinchi bosh vazir almashmoqda.
Iste’foga bir kun qolganida Lekornyu taqdim etgan yangi hukumat tarkibi oppozitsiya tomonidan keskin tanqid qilindi. Ular kabinetga nisbatan ishonchsizlik votumi masalasini ko‘tarish niyatida ekanliklarini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Fransiyada yangi bosh vazir tayinlangani haqida yozgan edi.