Gadjetlar

Google Pixel 10 qo‘ng‘iroqlarni avtomatik tarjima qiladi

Google Pixel 10 qo‘ng‘iroqlarni avtomatik tarjima qiladi / Foto: Google

Google Pixel 10 smartfoniga noyob imkoniyat qo‘shildi. Endi telefon orqali muloqot qilayotgan ikki tomon o‘z ona tilida gapirishi mumkin.

Qurilma suhbatni avtomatik tarjima qilib, javobni suhbatdoshning o‘z ovoz tembri va intonatsiyasi bilan qayta eshittiradi.

Asosiy afzallik shundaki, tarjima qilingan gaplar sun’iy tovush emas, balki tabiiy inson nutqiga o‘xshaydi. Bu xalqaro muloqotni yanada oddiy va tezkor qiladi.

Funksiya to‘liq qurilmaning ichida ishlaydi. Tensor G5 chipi va Gemini Nano AI modeli orqali ma’lumot bulutli serverlarga yuborilmaydi. Shu sababli jarayon tez, xavfsiz va maxfiy bo‘ladi.

Google ma’lumotiga ko‘ra, xizmat ingliz, ispan, nemis, italyan, yapon, fransuz, hind, portugal, indonez, rus va shved tillarida ishlaydi. Bu uni nafaqat oddiy qo‘ng‘iroqlar, balki biznes suhbatlari uchun ham qulay vositaga aylantiradi.

Yana bir muhim jihat — funksiyani faqat Pixel 10 foydalanuvchisi yoqishi kifoya. Ikkinchi tomon esa oddiy telefondan gapirishi mumkin, tarjima esa fon rejimida amalga oshadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Google Pixel 10 smartfon xotirasi qisman faqat SI uchun ajratilishi haqida yozgan edi.