Yangiliklar

Nepalda kuchli yomg‘ir oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘ldi

Yana besh kishi bedarak yo‘qolgan
Nepalda kuchli yomg‘irlar oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘ldi / Foto: Reuters

Nepalda so‘nggi kunlarda yog‘gan kuchli yomg‘ir oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda CNN agentligi xabar berdi.

Eng ko‘p talafotlar Illam tumanida qayd etildi — bu hudud Hindiston bilan chegaradosh bo‘lib, choy yetishtirish bilan mashhur. Kuchli yomg‘ir natijasida butun boshli qishloqlar ko‘chkilar ostida qolgan, yo‘llar vayron bo‘lgan.

Illamda bir oilaning olti a’zosi tunda uyquda bo‘lgan paytda ko‘chki ostida qolib halok bo‘lgan. Hukumat aholiga yordam ko‘rsatish uchun vertolyotlar va harbiylarni safarbar qilgan. Qo‘shni tumanlarda uch kishi chaqmoq urishidan, yana uch kishi toshqin oqibatida vafot etgan.

Nepal hukumati kuchli yomg‘ir xavfi haqida ogohlantirish e’lon qilib, asosiy yo‘llarni vaqtincha yopdi. O‘tgan yili ham shu mavsumda kuchli yomg‘ir oqibatida 224 kishi halok bo‘lgan, 158 kishi jarohat olgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Filippinda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida kamida 69 kishi halok bo‘lgan edi.