Oltin quymalar narxi yana rekord qayd etdi

eʼlon qilindi
5 grammli oltin quyma 7,86 mln so‘mdan oshdi
Oltin quymalar narxi yana rekord qayd etdi
Oltin quymalar narxi yana rekord qayd etdi. Foto: Pexels.com

6-oktabr kuni oltin quymalar narxi tarixiy rekordni yana bir bor yangiladi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar berdi.

Regulyator xabariga ko‘ra, narxlar barcha toifadagi quymalar bo‘yicha o‘sdi. Xususan, 5 grammli quyma 7,76 mln so‘mdan 7,86 mln so‘mga, 10 grammli quyma 15,517 mln so‘mdan 15,721 mln so‘mga, 20 grammli quyma 31,033 mln so‘mdan 31,441 mln so‘mga ko‘tarildi.

Shuningdek, 50 grammli quyma 78,603 mln so‘m, 100 grammli esa 157,206 mln so‘mni tashkil etdi.

Jahon bozorida ham oltin narxi oshib bormoqda. Xususan, 6-oktabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 09:34 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichni yangilab, bir troya unsiyasi uchun $3935,55 ga yetdi.

2025-yilning avgust oyida jahon boʻyicha markaziy banklar jami 15 tonna oltin xarid qilgan. Eng yirik xaridor Qozogʻiston boʻlib, sakkiz tonna oltin sotib oldi. Oʻzbekiston Markaziy banki ikki tonna, Bolgariya, Xitoy va Turkiya esa Oʻzbekiston kabi ikki tonnadan xarid qildi.

Bundan oldin Kursiv Uzbekistan 2-oktabr kuni 5 grammlik oltin quyma narxi ilk bor 7,73 mln so‘mdan oshgani haqida yozgandi.

Ma’lumot uchun, 2025-yilning sakkiz oyida O‘zbekistonda 17 387 ta jami hajmi 380 kilogrammlik oltin quymalari sotildi. Bu haqda Markaziy bank tomonidan o‘tkazilayotgan media muloqotda ma’lum qilingandi.

Shuningdek