
O‘zbekiston bojxona organlari iPhone 17 rusumidagi smartfonlarni olib kirishda eng foydali yo‘nalishlar va amaldagi tartiblar bo‘yicha ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, agar telefon uchun xarid cheki yoki kvitansiya mavjud bo‘lsa, bojxona qiymati shu hujjatlardagi narxdan kelib chiqib belgilanadi. Ammo hujjatlar bo‘lmasa, bojxona organlari narxni ishlab chiqaruvchi kompaniyaning rasmiy saytida ko‘rsatilgan qiymat asosida aniqlaydi. Masalan, iPhone 17 xarid hujjatisiz olib kirilsa, Apple kompaniyasining o‘sha mamlakatdagi rasmiy saytidagi narxdan foydalaniladi.
Bojxona qo‘mitasi O‘zbekistonga telefonlar asosan Xitoy, Janubiy Koreya va BAAdan (Birlashgan Arab Amirliklari) olib kirilishini inobatga olgan holda narxlarni solishtirdi. Tahlil natijalariga ko‘ra:
— Asosiy iPhone 17, iPhone Air, iPhone 17 Pro va Pro Max (256 GB) modellarini Xitoydan olib kirish eng arzon hisoblanadi.
— iPhone Air, iPhone 17 Pro (512 GB va 1 TB), hamda iPhone 17 Pro Max (1 va 2 TB) modellarini Janubiy Koreyadan olib kirish foydaliroq.
— iPhone 17 Pro Max (256 yoki 512 GB) versiyalarini esa BAAdan xarid qilish eng ma’quli.
— Faqat iPhone 17 (256 GB) modeli uchala mamlakatda ham havo transporti orqali boj to‘lovisiz olib kirish limitiga to‘g‘ri keladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari shaxsiy foydalanish uchun tovarlarni quyidagi miqdorda boj to‘lovisiz olib kirishlari mumkin:
- $1000 gacha — havo transportida;
- $500 gacha — temir yo‘l yoki daryo transportida;
- $300 gacha — avtomobil yoki piyoda kirishda.
Agar tovar qiymati ushbu chegaradan oshsa, ortiqcha qism uchun 30% miqdorida yagona boj to‘lovi undiriladi. Shuningdek, bojxona kirim orderini rasmiylashtirish uchun 25% BHM (103 ming so‘m) miqdorida yig‘im to‘lanadi.
Bojxona qo‘mitasi iPhone 17 modellarining yangilangan narxlari va mamlakatlar kesimidagi bojxona qiymatlari muntazam ravishda e’lon qilib borilishini ma’lum qildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 seriyasining O‘zbekistondagi narxlari, modellar va bozordagi farqlar haqida yozgandi.